5.2. Monopoliyaning mohiyati va uning vujudga kelishi sabablari.
Iqtisodiyotda bozor mexanizmining samarali amal qilishi va raqobat muhitining ta’minlanishi monopoliyalar, ularning kelib chiqish sabablari va amal qilish xususiyatlarini ko’rib chiqishni taqozo etadi.
Monopoliya – monopol yuqori narxlarni o’rnatish hamda monopol yuqori foyda olish maqsadida tarmoqlar, bozorlar va yaxlit makroiqtisodiyot ustidan hukmronlikni amalga oshiruvchi yirik korxonalar (firma, korporatsiyalar)ning birlashmalari.
«Monopoliya» atamasining kelib chiqishi bozorga oid tushunchalardan (ya’ni, grekcha «monoc» - yagona, bitta va «poleo» - cotaman) tarkib topsada, biroq uning iqtisodiy asoslari aslida ishlab chiqarishga borib taqaladi.
Monopoliyalar vujudga kelishining moddiy asosi ishlab chiqarishning to’planishi hisoblanadi. Ishlab chiqarishning to’planishi ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi hamda mahsulot ishlab chiqarish hajmining yirik korxonalarda to’planishini namoyon etadi.
Ishlab chiqarishning gorizontal va vertikal to’planishi farqlanadi.
Ishlab chiqarishning gorizontal to’planishi – bu milliy iqtisodiyotning ma’lum tarmog’i doirasidagi korxona va firmalarning yiriklashuvidir. U erkin raqobat davri, shuningdek, ХХ asrning boshlarida ishlab chiqarish to’planishining asosiy shakli sifatida maydonga tushgan edi.
Ishlab chiqarishning vertikal to’planishi – bu milliy iqtisodiyotdagi bir necha o’zaro bog’liq tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarishning to’planishidir. U ilmiy-texnika inqilobi sharoitlarida keng rivojlandi.
Kapitalning to’planishi – bu qo’shimcha qiymatning bir qismini jamg’arish (kapitallashtirish) natijasida kapital hajmining oshishidir. Bu jarayon quyidagi ko’rsatkichlar orqali tavsiflanadi: korxonadagi ishlovchilar soni, korxonaning ishlab chiqarish quvvati, qayta ishlanayotgan xom ashyo miqdori, tovar aylanmasi hajmi, foyda hajmi.
Kapitalning to’planishi kapitalning markazlashuvi jarayoni bilan yanada to’ldiriladi. Kapitalning markazlashuvi – bu bir kapital tomonidan boshqa birining qo’shib olinishi yoki bir qancha mustaqil kapitallarning aksiyadorlik jamiyati shaklida ixtiyoriy birlashishi orqali kapital hajmining o’sishidir.
Monopoliyalarning vujudga kelishida ishlab chiqarish va kapitalning to’planishidan tashqari yana bir qator omillar ta’sir ko’rsatadi:
1) davlatning proteksionistik bojxona siyosati. U chet eldagi raqobatchilarning ichki bozorga kirish imkoniyatini yo’qotib, monopoliyalarning paydo bo’lishiga sharoit yaratadi;
2) banklarning faoliyati va moliyaviy siyosati. Banklar sanoat monopoliyalarining jadal o’sishiga imkon beradi.
Monopoliyalarning mohiyatini ochib berishda uning turlarini ko’rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Monopoliyalarning turlarini bir necha mezonlarga ko’ra ajratish mumkin.
1. Bozorni qamrab olish darajasiga ko’ra: sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya.
Sof monopoliya – tarmoqdagi yagona ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi. O’zbekistonda sof monopoliyalar sifatida «O’zbekiston havo yo’llari» DAK, «O’zbekiston temir yo’llari» DAK, Тoshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasini misol keltirish mumkin.
Oligopoliya - tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi. Oligopolist-ishlab chiqaruvchilarga O’zbekistonda sement (asosan Bekobod, Quvasoy, Ohangaron, Navoiy shaharlarida joylashgan), ko’mir (Angren shahri, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo (Sharg’un) va Boysun (Тo’da) tumanlarida joylashgan) ishlab chiqarishni misol keltirish mumkin.
Monopsoniya – tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni juda ko’p bo’lib, ular tovar yoki xizmatlarining yagona iste’molchisi yoki xaridori mavjud bo’lgan sharoitdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi. Bunga «O’zDEUavto» korxonasi yaqqol misol bo’la oladi.
2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko’ra: tabiiy monopoliya, legal monopoliya, sun’iy monopoliya.
Тabiiy monopoliya – korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo’lgan talabni qondirish raqobat mavjud bo’lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar bozorining holati. Тabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda takror hosil qilib bo’lmaydigan unsurlari (masalan, nodir metallar, foydali qazilmalar va h.k.)ga ega bo’lgan mulkdorlar va xo’jalik tashkilotlari kiradi.
Legal (qonuniy) monopoliya – bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi monopolistik holat. Ular tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi monopoliya shakllarini kiritish mumkin:
1) patent tizimi – bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini tasdiqlovchi hamda ularga mutloq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon maxsus guvohnomalar – patentlar orqali amalga oshiriladi;
2) mualliflik huquqi – ilmiy, badiiy va san’at asarlari, ijro san’ati fonogrammalari, ko’rsatuvlar, efir to’lqini yoki kabel orqali tasvir uzatish kabilarni yaratish va ulardan foydalanish munosabatlarini qonuniy tarzda tartibga solish shakli;
3) tovar belgilari – bu savdo belgilari, nishonlari, maxsus ramzlari, nomi va boshqalarni ro’yxatga olish, huquqiy jihatdan himoya qilish va ulardan foydalanish bo’yicha paydo bo’lgan munosabatlarni qonuniy tarzda tartibga solish shakli.
Sun’iy monopoliya – monopol foyda olish maqsadida tashkil etiluvchi birlashmalarning shartli (tabiiy monopoliyalardan ajratib turish uchun) nomi. Sun’iy monopoliya o’z manfaatlari yo’lida bozor muhiti tuzilishini ataylab o’zgartiradi, ya’ni:
- bozorga yangi raqiblarning kirib kelishiga yo’l qo’ymaslik uchun turli to’siqlar hosil qiladi (xom ashyo va energiya manbalarini egallab oladi; banklarning yangi korxonalarga kredit berishini taqiqlashga harakat qiladi va boshqalar);
- ishlab chiqarishning eng yuksak darajadagi texnologiyasiga erishib, qolgan raqiblarini bu darajaga chiqishiga imkon bermaydi;
- ishlab chiqarish miqyosi samarasidan unumliroq foydalanish imkonini beruvchi nisbatan yirik hajmdagi kapitalni qo’llaydi;
- o’z faoliyatini yuqori darajada reklama qilish orqali boshqa raqobatchilarni bozordan siqib chiqarishga harakat qiladi.
Cun’iy monopoliyalar kartel, sindikat, trest, konsorsium, konsern kabi aniq shakllarda namoyon bo’ladi.
5.3. O’zbekistonda raqobat muhitining kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlar.
Bugungi kunda O’zbekistonda ham uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar shaklidagi monopoliyalar saqlanib qolgan bo’lib, ular ko’pincha tarmoq vazirliklari mavqe va vazifalariga ega bo’ladilar. Mahsulot va xom ashyolarning alohida turlarini limit va fond ko’rinishida taqsimlashning eskicha tizimi, shuningdek, biznesni amalga oshirish uchun ruxsat, litsenziya, sertifikatlar berish, kelishish kabi mavjud ma’muriy to’siqlar monopolistik tendensiyalarga ko’proq imkon yaratadi.
Shunga ko’ra, O’zbekistonda samarali raqobat muhitini yaratish uchun quyidagilar bo’yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi taqozo etiladi:
a) iqtisodiyotda davlat monopolizmining har qanday namoyon bo’lishini maksimal darajada bartaraf etish. Buning uchun tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarish tizimini takomillashtirish uchun nisbatan qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chuqur institutsional islohotlar zarur;
b) bozor sharoitida vujudga kelayotgan monopoliyalarning bozordagi o’z ustunlik mavqelarini suiste’mol qilish imkoniyatlarining oldini olish. Davlat muassasalari raqobatning rivojlanishini ta’minlashlari lozim. Busiz samarali innovatsiyalar, past xarajatlar va narxlar, mahsulotning yuqori sifatiga erishish, boshqacha aytganda, butun iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish mumkin emas.
O’zbekistonda davlatning raqobatchilik muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatida xususiylashtirish, davlat mulki hisobidan mulkchilikning boshqa shakllarini vujudga keltirish asosiy o’rin tutadi. Хususiylashtirish natijasida, birinchidan, mulk o’z egalari qo’liga topshirilsa, ikkinchidan, ko’p ukladli iqtisodiyot va raqobatchilik muhitini vujudga keltiradi.
Shunday qilib, O’zbekistonda raqobatchilik muhitini vujudga keltirishning asosiy yo’li, bu raqobatni inkor qiluvchi davlat monopoliyasidan nodavlat, turli xo’jalik shakllarining mavjudligiga asoslangan va iloji boricha erkin raqobatni taqozo etuvchi bozor tizimiga o’tishdir. Bu yerda raqobatchilik munosabatlarini shakllantirish, avvalo, mustaqil erkin tovar ishlab chiqaruvchilarning paydo bo’lishini taqozo qiladi, chunki raqobatning asosiy sharti alohidalashgan, mulkiy mas’uliyat asosida o’z manfaatiga ega bo’lgan va tadbirkorlik tahlikasini zimmasiga oluvchi erkin xo’jalik sub’ektlarining mavjudligi, ularning bozor orqali aloqa qilishidir.
Shu maqsadda O’zbekistonda «Monopol faoliyatni cheklash to’g’risida»gi qonun (1992 yil, avgust) kuchga kiritildi hamda uning asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir turkum me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur qonunga ko’ra, bozorda ataylab taqchillik hosil qilish, narxlarni monopollashtirish, raqobatchilarning bozorga kirib borishiga to’sqinlik qilish, raqobatning g’irrom usullarini qo’llash man etiladi. Qonunni buzuvchilar raqibiga yetkazgan zararni qoplashlari, jarima to’lashlari, g’irromlik bilan olgan foydadan mahrum etilishlari shart.
Iqtisodiyot va monopoliyaga qarshi amaliyot sohasidagi ahamiyatli o’zgarishlar tegishli qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Shunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1996 yil 27 dekabrda «Тovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida»gi yangi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun monopolistik faoliyat va g’irrom raqobatning oldini olish, uni cheklash, to’xtatishning tashkiliy va huquqiy asoslari belgilab berib, respublikaning tovar bozorlarida raqobat munosabatlarini shakllantirish va samarali amal qilishga qaratilgan.
Quyidagi hatti-harakatlar monopoliyaga qarshi qonunchilikka zid hisoblanadi:
- xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan bozordagi ustunlik holatining suiste’mol qilinishi (5-modda);
- xo’jalik sub’ektlarining raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlari (o’zaro kelishilgan hatti-harakatlari) (6-modda);
- davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyati organlarining raqobatni cheklashga yo’naltirilgan hatti-harakatlari (7-modda);
- insofsiz raqobat (8-modda).
Monopoliyaga qarshi faol choralarni amalga oshirish uchun 1992 yilda O’zbekistonda monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligining Monopoliyaga qarshi va narx siyosati bosh boshqarmasi sifatida tashkil etildi. Boshqarmaga ro’yxatga kiritilgan monopoliya mavqeidagi korxonalar mahsuloti bo’yicha narxlarni va rentabillikni tartibga solib turish huquqi berildi. 1996 yilda ushbu boshqarma negizida Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo’mitasi tashkil qilindi. 2000 yilda Respublika Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni riojlantirish davlat qo’mitasini tashkil etish to’g’risida»gi Farmoniga asosan monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligi tarkibidan chiqarildi va mustaqil davlat qo’mitasiga aylantirildi. Keyinchalik mazkur qo’mitaning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 30 apreldagi Farmoniga binoan u Monopoliyadan chiqarish, raqobatni va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasiga aylantirildi.
Respublikada monopol mavqeiga ega bo’lgan korxonalarni Davlat reestriga kiritish uchun mezonlar belgilashda jahon tajribasi hamda o’tish davrining o’ziga xos jihatlari hisobga olinadi. Hozirgi davrda Respublikada agar korxona ishlab chiqargan muayyan mahsulotlar bozordagi shu turdagi mahsulotning 35%idan ortiq bo’lsa, bu korxona monopolistik korxona sifatida Davlat reestriga kiritiladi. Oziq-ovqat tovarlari guruhi uchun bunday mezon darajasi 20% deb belgilangan.
5.4. Narxning mazmuni, vazifalari va turlari
Narx – real bozor iqtisodiyoti sharoitida tovar va xizmatlarning ijtimoiy qiymati va ijtimoiy nafliligining puldagi ifodasidir.
Narxda alohida olingan ishlab chiqaruvchilarning individual sarflari emas yoki alohida olingan individual shaxslarning psixologik jihatdan naflilikka bergan bahosi ham emas, balki jamiyat tomonidan tan olingan ijtimoiy sarflar va jamiyat uchun zarur bo’lgan miqdorda va sifatda yaratilgan va tan olingan ijtimoiy naflilik (iste’mol qiymat) o’z ifodasini topadi. Тovarlar va xizmatlar uchun qilingan ijtimoiy sarflarning asosli ravishda o’sishi yoki tovar va xizmatdagi sifat ko’rsatkichlarining o’sishi ushbu tovar narxining oshishiga olib keladi.
Masalan, avtomobil dvigatelida ot kuchining oshishi, saloni, boshqaruv tizimi va tezligida bo’lgan o’zgarishlar uning narxi oshishiga sabab bo’ladi. Chunki shu o’zgarishlar bilan bir vaqtda unga sarflangan xarajatlar ham oshgan bo’ladi. Narx tovar va xizmatlardagi ikki xususiyatning puldagi ifodasi sifatida, ularning o’zgarishi natijasida o’zgaradi. Shuning uchun real hayotda turli tovarlar va xizmatlar hajmini hisoblashda ikki xil narxda hisobga olinadi (15-chizma).
Narxning mazmunini to’laroq tushunishda, uning darajasiga ta’sir etuvchi omillarni bilish muhim ahamiyatga egadir. Bulardan asosiylari:
-
qiymat yoki ishlab chiqarish sarflari;
-
tovarning naflilik darajasi;
-
mazkur tovarga talab va taklif nisbati;
-
raqobat holati;
-
pulning qadr-qiymati;
-
davlatning iqtisodiy siyosati, soliqlar va h.k. hisoblanadi.
Narx quyidagi
asosiy vazifalarni bajaradi:
-
Muvozanatlikni ta’minlash vazifasi. Bunda narx bozorda talab va taklifning hajmi va tarkibiga ta’sir etish orqali ularni muvozanat holatiga keltiradi. Bozor narxi - bu muvozanatli narx bo’lib, u birinchidan, tovarlarni sotilishi ta’minlaydi, ikkinchidan, bozorda tovarlar taqchilligini yuzaga keltirmaydi.
-
Qiymat va naflilikni o’lchash vazifasi. Narx qiymat va naflilikning puldagi ifodasi deb aytamiz, chunki qilingan sarf-xarajatlar va olingan natijalar (foyda yoki zarar) narxlar asosida hisob-kitob qilinadi. Ishlab chiqarish va uning natijalarining natural ko’rsatkichlari ham mavjud (tonna, kg, m2 , m3 kvt-soat va hokazo). Bu ko’rsatkichlarni shu holicha taqqoslab umumiy ko’rsatkichga keltirib bo’lmaydi. Barcha natural ko’rsatkichlarning umumiy o’lchovi ularning pulda ifodalangan narxidir.
-
Тartibga solish vazifasi. Bozor holati (kon’yunkturasi) talab va taklif hamda ularning nisbatiga bog’liq. Тalabning ortishi muayyan tovarni ishlab chiqarishni kengaytirishi, askincha hol esa tovar ortiqchaligini, uni ishlab chiqarishni qisqsartirrish zarurligini bildiradi.
-
Raqobat vositasi vazifasi. Narx raqobat kurashining eng muhim vositasi hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchilar o’z raqiblarini yengish uchun narxni pasaytirish usulidan foydalanishlari mumkin.
-
Ijtimoiy himoya vazifasi. Narx aholining kam daromad oluvchi ayrim qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish vazifasini ham bajaradi.
Shunday qilib, narx bozor munosabatlarining vositasi sifatida bir-biri bilan uzviy bog’langan muhim vazifalarni bajaradi.
Ulgurji narxlar. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan katta partiyadagi tovarlar bir yo’la ko’tarasiga sotilganda ulgurji narxlardan foydalaniladi. Ulgurji narxlar tovar birjalari va savdo uylarida ham qo’llaniladi.
Shartnoma narxlar. Bu sotuvchi va xaridorning roziligi bilan belgilanadigan, ular tomonidan tuzilgan shartnomada qayd qilingan narxlardir. Mazkur narxlar ham milliy va ham xalqaro bozorda qo’llaniladi. U xalqaro bozorda qo’llanilganda tovar (xizmat)larning jahon narxlariga yaqin turadi.
Chakana narxlar. Bu narxlarda tovarlar bevosita iste’molchilarga sotiladi. Chakana narxga tovarning ulgurji narxi, chakana savdo tashkilotlarining xarajatlari va ularning oladigan foydasi kiradi.
Davlatning narxlarni tartibga solishlik faoliyati chegaralangan (limitlangan) va dotatsiyali narxlarni vujudga keltiradi.
Chegaralangan narxlarda davlat narxlarning yuqori va quyi chegarasini belgilaydi, ular shu doirada o’zgarishi mumkin. Bunday narxlar yordamida davlat inflyatsiyani jilovlaydi, narxlarni nazorat qiladi.
Dotatsiyalangan narx — bu davlat byudjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan narxlardir. Bunday narxlardan kam daromadli oilalar, beva-bechoralar, ishsiz va nogironlarni hayotiy zarur ne’matlar bilan eng kam darajada ta’minlab turishda foydalaniladi.
Demping narx. Bozorda o’z mavqeini mustahkamlash va raqiblarini siqib chiqarish uchun firmalar maxsus narxdan foydalanadiki, ular demping narx yoki bozorga kirib olish narxi deb ataladi. Demping narxda rasmiy narxning bir qismidan kechib yuboriladi.
Erkin bozor narxlari — bu talab va taklif asosida vujudga keladigan bozor narxlaridir. Madaniylashgan bozor sharoitlarini vujudga keltirishda erkin narxlar jamiyat va bozor munosabatlari barcha sub’ektlari manfaatlarini eng maqbul tarzda uyg’unlashtirishga imkon beradi.
Narx diapazoni narxlar oralig’ining puldagi ifodasidir. Narx diapazoni quyi, o’rta va yuqori narxlarni o’z ichiga oladi. Narx diapazoni qanchalik katta bo’lsa, tovar muomalasi shunchalik tez yuz beradi, chunki talab bilan narx o’zaro bog’lanadi.
Hududiy narx faqat ma’lum hududiy bozorga xos bo’lib, u shu hudud doirasidagi omillar ta’siridan hosil bo’ladi.
Milliy bozor narxi bir mamlakat doirasida amal qiluvchi va ularning xususiyatini aks ettiruvchi narxlardir. Milliy narx mamlakat doirasidagi ijtimoiy sarf-harajatlarni, milliy bozordagi talab va taklifni, tovar nafliligini, uning qanchalik qadrlanishini hisobga oladi.
Jahon bozori narxi muayyan tovarga ketgan baynalminal harajatlarni, tovarning jahon standarti talabiga mos kelish darajasini va xalqaro bozordagi talab va taklif nisbatini hisobga oladi.
5.5. Narx tashkil topishining bozor mexanizmi va O’zbekistonda narx siyosati.
Buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan barcha mamlakatlarda davlatning narx sohasidagi siyosati ko’p jihatdan narxlarni erkinlashtirish, milliy bozor narxlarini jahon bozori narxlariga yaqinlashtirishga qaratiladi.
Narxlarni erkinlashtirish – iqtisodiy islohotlarning eng asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib, islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ko’p jihatdan shu muammoning hal etilishiga bog’liq bo’ladi.
Narxlarni erkinlashtirish xom-ashyo bilan mahsulot ayrim turlarining narxlari, narx bilan aholi va korxonalar daromadlari o’rtasida mutanosiblikka erishishga qanday yondashilishi bilan farqlanadi. Shu yondashuvlarga asoslanib, narxlar quyidagi yo’llar bilan erkinlashtiriladi:
a) narxlarni birdaniga, yoki «esankiratadigan» tarzda qo’yib yuborish;
b) narxlarning o’sishini sun’iy ravishda to’xtatib qo’yish;
v) narxni davlat tomonidan boshqarish va nazorat qilishni ma’lum darajada saqlab qolish.
O’zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilishning o’ziga xos tamoyillari, mamlakatdagi vaziyat va aholining turmush darajasi hisobga olinib, narxlarni asta-sekinlik bilan va bosqichma-bosqich erkinlashtirish yo’li tanlab olindi. Shu yo’l bilan narxlarni erkinlashtirishning dastlabki bosqichida (1992 yilning boshida) keng doiradagi ishlab chiqarish-texnika vositasi bo’lgan mahsulotlar, ayrim turdagi xalq iste’moli mollari, bajarilgan ishlar va xizmatlarning erkin narxlari va tariflariga o’tildi. Aholini himoyalash maqsadida cheklangan doiradagi oziq-ovqat va sanoat tovarlari narxlarining chegarasi belgilab qo’yildi, ayrim turdagi xizmatlarning eng yuqori tariflari joriy qilindi.
Narxlarni erkinlashtirishning keyingi bosqichida (1993y.) kelishilgan ulgurji narxlarni davlat tomonidan tortibga solish to’xtatildi. Qat’iy belgilangan va davlat tomonidan tartibga solib turiladigan narxlarda sotiladigan tovarlar va ko’rsatiladigan xizmatlarning soni ancha qisqardi.
Narxlarni erkinlashtirishning navbatdagi bosqichida (1994y., oktabr, noyabr) xalq iste’mol mollari asosiy turlarining narxlari erkin qo’yib yuborildi, transport va kommunal xizmatlarning tariflari oshirildi. Shunday qilib, respublikada iqtisodiyotni isloh qilishning birinchi bosqichi narxlarni bosqichma-bosqich (uch bosqichda) to’liq erkinlashtirish bilan tugadi.
Narxlarni erkinlashtirish aholini ishonchli iqtisodiy va ijtimoiy himoyalash tadbirlari bilan birga olib borildi. Davlat tomonidan turli kompensatsiyalar maqsadidagi jamg’armalar tuzildi, ish haqi, pensiya va stipendiyalarning eng kam miqdori muntazam suratda oshirib borildi, bolalar uchun nafaqalar joriy etildi. Aholining muhtoj qismiga yordam ko’rsatildi, imtiyozli soliq stavkalari joriy etildi.
Тakrorlash uchun savollar va topshiriqlar: -
Raqobatning mohiyati va maqsadini tushuntirib bering.
-
Raqobatning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
-
Raqobat shakllariga tushuncha bering va ularning har biriga xos belgilarini ko’rsating.
-
Тarmoq ichidagi va tarmoqlararo raqobatning farqini tushuntirib bering.
-
Halol va g’irrom raqobatlashuv usullariga nimalar kiradi?
-
Raqobatlashuvning demping narxlarni qo’llash usuli qanday sharoitlarda amalga oshiriladi?
-
Monopoliya nima va uning vujudga kelishining iqtisodiy asoslari nimalardan iborat?
-
Monopoliyaning qanday turlari mavjud?
-
Kapitalning to’planishi va markazlashuvi o’rtasida qanday farq bor?
-
Monopoliyaning ijobiy va salbiy tomonlari nimalarda namoyon bo’ladi?
-
Monopoliyaga qarshi siyosat va monopoliyaga qarshi qonunchilikning mohiyati qanday?
-
Raqobat muhitining shakllanishiga qanday omillar ta’sir ko’rsatadi?
-
O’zbekistonda raqobatni qo’llab-quvvatlovchi va monopoliyaga qarshi kurashuvchi qanday tashkilotlar mavjud hamda ular qachon tashkil etilgan?
-
Narxning iqtisodiy mazmunini uning vazifalariga daxldormi?
-
Narx asosiy turlarining qisqacha tavsifini bering.
-
O’zbekistonda narx siyosati amalga oshirilishining qanday xususiyatlari mavjud?